“InnoX” Biznes-Inkubator Dasturini O'tkazish Tartibi
“Andijon Yoshlar Texnoparki” direktorining
2024-yil __-maydagi ___-son buyrugʻiga
2-ilova
“InnoX” biznes-inkubator dasturini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Yoshlar texnoparkida “InnoX” biznes-inkubator (keyingi oʻrinlarda — Inkubator) dasturini tashkil etish hamda yoshlarning innovatsion gʻoyalarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Inkubator dasturini amalga oshirish doirasida ishtirokchilar tomonidan kelib tushadigan arizalarni qabul qilishga hududlardagi Yoshlar texnoparklari (keyingi oʻrinlarda — Texnopark) masʼul hisoblanadi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
- Inkubator dasturi – innovatsion gʻoyalarga ega boʻlgan yoshlarning startap gʻoyalari (loyihalari)ni oʻquv dasturlari va mutaxassis tavsiyalari orqali qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dastur;
- Saralash komissiyasi – inkubatsiya dasturida mashgʻulot oʻtuvchi mentorlarni tanlash hamda inkubatorda qatnashish uchun kelib tushadigan loyihalarni saralab olish uchun Texnopark huzurida tashkil etiladigan komissiya;
- Ekspert komissiyasi – tegishli hududdagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan olimlar tarkibidan iborat, tasdiqlangan dastur asosida Inkubator dasturida dars beruvchi mentorlarni dastlabki oʻrganishni amalga oshiradigan komissiya;
- Gʻoya – ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya kabi voqelikni aks ettirish shakllaridan biri boʻlib, fan va taraqqiyotning samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo boʻladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalari asosida ishlab chiqilgan loyiha;
- Talabgor – gʻoya va startap loyihani ishlab chiqqan 18-30 yosh oraligʻidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va/yoki uning jamoasi;
- Mentor – startap loyihani rivojlantirish va ilgari siljitish maqsadida uni oʻz bilimi va tajribasi bilan qoʻllab-quvvatlaydigan murabbiy;
- Treker – Inkubator dasturidagi startaplarni amalga oshirish davrini qisqartiruvchi jamoa murabbiyi...
4. Inkubatsiya dasturi har yili uch marotaba tashkil etiladi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlikning Innovatsion infratuzilmalar va texnoparklari rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi va Yoshlar texnoparklarining direktorlari talabnomasiga asosan Vazirlik mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich moliyalashtiriladi.
2-bob. Gʻoya va startap loyihalarni shakllantirish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qilish tartibi
5.Tanlovga 18-40 yosh oraligʻida boʻlgan iqtidorli yoshlar va yosh olimlaring ilmiy va innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish hamda ularning ilmiy ijodiy gʻoyalari, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning muammolari yechimiga qaratilgan gʻoyalar va startap loyihalar qabul qilinadi.
6.Texnopark tanlov boshlanishidan bir oy oldin oʻz rasmiy veb-saytiga arizalari shakllantirish, roʻyxatdan oʻtkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari koʻrsatilgan eʼlonni joylashtiradi.
7. Bir kalendar yili davomida eʼlon qilingan tanlov doirasida gʻolib deb topilgan talabgorlar shu davr ichida navbatdagi tanlovlarda qayta ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Tanlov doirasida gʻoya va startap loyihalar asosida maket va (yoki) prototip yaratishning eng koʻp muddati toʻrt oygacha bolishi mumkin.
3-bob. Saralash komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi
9. Tanlov doirasida kelib tushadigan gʻoya va startap loyihalarni koʻrib chiqish boʻyicha saralash komissiyasi tarkibi Andijon Yoshlar texnoparki tomonidan har yili tasdiqlanadi.
10. Saralash komissiyasi oʻz yoʻnalishida kamida 2 yil mehnat stajiga ega boʻlgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, oliy taʼlim va ilmiy muassasalar, xususiy sektor vakillaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) kamida 7 nafar toq sonli aʼzolardan iborat tarkibda tuziladi. Saralash komissiyasiga raislik qilish vazifasi Texnopark direktoriga yuklatiladi.
Bunda Saralash komissiyasi raisi, zarur hollarda tor ixtisoslashuvdagi mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish korxona va tashkilotlar mutaxassislarini) qoʻshimcha ravishda gʻoyalarni koʻrib chiqish jarayoniga jalb qilishi mumkin.
11. Saralash komissiyasi majlisi, unda Saralash komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Saralash komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Saralash komissiyasi majlislari ochiq muhokama shaklida tashkil etiladi.
12. Saralab olingan gʻoya va startap loyihalar tasdiqlangan dastur asosida inkubatsiya dasturiga yoʻnaltiriladi.
4-bob. Tasdiqlangan dastur asosida inkubatsiya dasturida dars beruvchi mentorlarni hamda trekerlarni saralab olish tartibi
13. Tasdiqlangan har bir inkubatsiya dasturida dars beruvchi mentorlar hamda trekerlar Ekspert komissiyasining taqdimnomalari boʻyicha Saralash komissiya tomonidan tanlab olinadi.
14. Mentorlar taqdim etilgan startap loyihalar hamda sohaga oid maslahat bera olish tajribasiga ega malakali mutaxassislar tarkibidan, trekerlar jamoaning rivojlanishini kuzatuvchi va jamoa oldiga qoʻyilgan maqsadlarga erishish masalalari boʻyicha unga tegishli tavsiyalar beruvchi tajribali ustozlar tarkibidan shakllantiriladi.
15. Saralash komissiyasi mentorlarni taqdim etilgan roʻyxatga asosan quyidagi mezonlarga muvofiq tanlab olishadi:
startap loyiha taqdim etilgan sohada amaliy ish tajribasi mavjudligi hamda muvaffaqiyatga erishganligi;
biznes yuritish tajribasi (ehtimol boshqa yoʻnalishlarda) mavjudligi;
startap-loyihaning kelajakdagi mahsulotlarini sotish uchun potensial bozorlar strukturasini bilishi;
biznes yuritish tajribasi 2 yildan kam boʻlmagan, mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga (yoki egallagan sohasi boʻyicha sertifikatga) ega boʻlishi;
mentorlarga startap loyiha xususiyatidan kelib chiqib boshqa mezonlar qoʻllanilishi mumkin.
16. Saralash komissiyasi trekerlarni taqdim etilgan roʻyxatga asosan quyidagi mezonlarga muvofiq tanlab olishadi:
inkubatsiya metodologiyasi va loyihalari kuzatish metodologiyasini bilish;
pedagogika va psixologiyaning asosiy jihatlarini tushunish;
tadbirkorlik tajribasi yoki startap loyihalarida menejer sifatidagi tajriba;
muammoli suhbatlar oʻtkazish qobiliyati;
CRM-tizimlari bilan ishlash qobiliyati;
rivojlangan muloqot qobiliyatlari;
SCRUM-tizimida ishlay olish qobiliyati.
17. Saralash komissiyasining qarori Saralash komissiyasi raisi tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
18. Tanlab olingan mentorlar va trekerlarga inkubatsiya dasturida belgilangan oʻquv mashgʻulotlari yuklamalarini bajarganlik natijasiga koʻra oylik ish haqi toʻlanadi.
5-bob. Gʻoya va startap loyihalarni koʻrib chiqish va tanlab olish tartibi
19. Gʻoya va startap loyihalar qabul qilingandan soʻng kamida toʻrt oy davomida uch bosqichda amalga oshiriladi...
20. Gʻoya va startap loyihalar boʻyicha arizalar Agentlik tomonidan belgilangan muddatlar, talablar va shakllarga muvofiq qabul qilingandan soʻng kamida toʻrt oy muddatda uch bosqichda inkubatsiya dasturi amalga oshiriladi.
1-bosqichda kiritilgan gʻoya va startap loyihalar ushbu Nizomning 2-ilovasiga mos ravishda toʻliq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligi Texnoparklar tomonidan koʻrib chiqiladi. Texnoparklar zarur holatlarda, taqdim etilgan gʻoyalar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar, taqdimotlar talab etishi va gʻoyalarni oʻrganishda tegishli mutaxassislarni jalb qilishi mumkin.
Tanlov doirasida talabgor tomonidan taqdimot qilingan gʻoyalarda kamchilik mavjud boʻlgan taqdirda, talabgorga takomillashtirish uchun qaytariladi. Talabgor gʻoyani bir hafta muddat ichida takomillashtirilgan holda qayta taqdim etadi. Bir haftadan kech taqdim etilgan gʻoyalar qabul qilinmaydi.
1-bosqich natijalari boʻyicha tanlovning 2-bosqichida ishtirok etadigan talabgorlar toʻgʻrisida yigʻma roʻyxat shakllantiriladi.
2-bosqichda talabgorlar inkubatsiya dasturiga yoʻnaltiriladi va ular tajribali mentorlar tomonidan startap bilan bevosita ishlash uchun zarur bilim va koʻnikmalar oʻrgatiladi. Har bir inkubatsiya dasturiga 25 nafardan koʻp boʻlmagan guruh shakllantiriladi. Bu yerda talabgorlar oʻz gʻoyalarini rivojlantirib boradi.
Inkubatsiya dasturi 4 oyga moʻljallangan boʻlib, talabgorlar qulay ofis, zarur asbob-uskunalar, professional murabbiylar, yuridik maslahat, buxgalteriya yordami, muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan faol aloqa, biznes tadbirlariga cheklanmagan kirish imkoniyati bilan taʼminlanadi.
Inkubatsiya dasturi Texnopark xodimlari va professional murabbiylar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va Texnopark direktori tomonidan tasdiqlanadi. Inkubatsiya dasturi yakunida talabgorlar tayyor sinov mahsulotlarini yaratishadi yoki xizmatlarini tashkil etishadi.
3-bosqichda Inkubatsiya dasturi yakunlanganidan so‘ng “Demo day” tadbirida ishtirokchilar oʻz gʻoya va startap loyihalarini Tanlov komissiyasi oldida taqdimot (prezentatsiya) koʻrinishida himoyasini oʻtkazadilar. 3-bosqich tanlovlar davrida taqdimot himoyasida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan talabgorlarning gʻoyasi Tanlov komissiyasining qaroriga asosan rad etilishi mumkin.
Taqdimot himoyasida talabgorlar gʻoyani qisqa, loʻnda va asoslangan holda ochib berishi hamda puxta tayyorgarlik koʻrgan holda ishtirok etishlari talab etiladi.
Bunda Tanlov komissiyasi taqdimot natijalariga asosan yakuniy xulosa tayyorlashda 2-ilovada keltirilgan baholash mezonlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Inkubatsiya uchun potensial loyihalar saralanib olinadi.
22. Inkubatsiya davomida katta tajribaga ega spikerlar jalb etilib seminar va treninglar tashkil etiladi.
23. Loyihalar tajribali mentorlarga biriktirilib Inkubatsiya davrida birgalikda rivojlantiriladi.
24. Talabgorlarni baholash hamda gʻolib deb topish Tanlov komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda eng yuqori ball toʻplagan gʻoyalar tanlov komissiyasi qarori bilan dasturning gʻolib ishtirokchilari deb topilib, ularga tegishli sertifikat va estalik sovg‘alari topshiriladi.
25. Inkubatsiya yakunida loyihalari biznes boshlashga hamda mablag‘ jalb etishga tayyorlash orqali investorlar va turli tanlovlar orqali moliyalashtirishga koʻmaklashiladi.
26. Tashkil etilgan Inkubatsiya loyihasi yakunida ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan startap loyihalari taqdimot qilish hamda amaliyotga tatbiq qilish boʻyicha “Demo day” startap loyihalar taqdimoti tadbiriga taklif tashkil etiladi.
6-bob. Gʻolib talabgorlarni loyihalarini keyingi bosqichlarga yoʻnaltirish tartibi
27. Gʻolib talabgorlar kelgusida oʻz loyihalarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish maqsadida “InnoX” biznes inkubator dasturi bitiruvchilari uchun respublika miqyosida tashkil etiladigan startap loyihalar tanlovlariga ishtirok etish uchun yoʻnaltiriladi.Bunda, talabgorga berilgan gʻoliblik sertifikati asos hisoblanadi.
28. Gʻolib talabgorlarning startap loyihalar tanlovida ishtirok etishi umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
29. Dastur yakunida eng yuqori ball yig‘ib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga moddiy ragʻbatlantirishga tavsiya etiladi
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Innovatsion rivojlanish agentligining buyrugʻiga asosan nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
31. Inkubatsiya dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va tegishli qonunosti hujjatlari, Vazirlikning nizomi va tegishli huquqiy hujjatlari, shuningdek mazkur nizomga asosan oʻz faoliyatini olib boradi.
32. Ushbu nizom talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.